Denis Kalishkin bilan «Qanday qilib Unicorn bo’lish mumkin?» mavzusidagi uchrashuv tafsilotlari
29-iyun kuni UzVC Milliy venchur fondi IT-Park Toshkent filiali binosida amerikalik venchur investor Denis Kalishkin startaplar bilan “Qanday qilib Unicorn bo‘lish mumkin?” mavzusida ochiq muloqot tarzida yopiq uchrashuv tashkil qildi.
Uchrashuvga UzVC veb-saytida ariza qoldirgan va avvalroq UzVC tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etgan eng istiqbolli va faol startaplar tanlab olindi. Ulardan FlexyBus –mijoz talabi va jadval bo‘yicha innovatsion tranzit xizmati, Blink – yetkazib berish xizmati uchun noyob yechim, AGRO SMART – agro sohasidagi ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish hamda raqamlashtirish, TASS VISION – sun’iy intellektga asoslangan video tahlili texnologiyasi, “Sug‘urta bozor” – sug’urta xizmatlarini tez rasmiylashitirishga qaratilgan yagona platforma, “Avtoteksh” – ikkilamchi bozordagi avtomobillarning texnik diagnostika yechimi, AMS-logistika kompaniyalarining yuk mashinalari uchun texnik monitoring platformasi, Cluvie – eshik tutqichlarini muntazam sterilizatsiya qilish uchun avtomatlashtirilgan yechim, Kmall.uz – kosmetika vositalarini sotishga mo’ljallangan yagona platforma, UNICODE – kattalar va bolalar uchun onlayn dasturlash maktabi.
Uchrashuvda Denis startaplar bilan samimiy suhbat qurdi va har bir startapning savollariga birma bir javob berdi.
Denis Kalishkin – Amerika I2BF Global Ventures venchur fondining investitsiya direktori (https://i2bf.com/).
- AQSH va MDHda anʼanaviy sanoatni raqamli oʻzgartirish, mashinasozlik, robototexnika, kosmik texnologiyalar, IoT sohasida 8 yillik investitsiya tajribasiga ega.
- Moskva fizika-texnika instituti (Aerofizika va kosmik tadqiqotlar fakulteti) bitiruvchisi.
- MDHdagi texnologiya tadbirkorlari uchun Ask VC startap hamjamiyati asoschisi. Oʻzbekistondagi mahalliy hamjamiyat havolada: https://t.me/ask_vc_uz
- I2BF Global Ventures 15 yillik investitsiya tarixiga ega bo’lgan Amerika venchur fondidi bo’lib unga Stenford bitiruvchisi Ilya Golubovich asos solgan.
- Umumiy boshqaruv ostida 450 million AQSh dollari.
- DeepTech (qayta tiklanadigan energiya, kosmik texnologiyalar, robototexnika), anʼanaviy sanoatning raqamli transformatsiyasi (qurilish, logistika, ishlab chiqarish, sogʻliqni saqlash va boshqalar), yangi media, raqamli kontentni yetkazib berishning yangi usullari, metaborliq va blokcheyn kabi yo’nalishlardagi 100 dan ortiq kompaniyalarga sarmoya kiritgan.
Uchrashuv so‘ngida tarmoq sessiyasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar nafaqat UzVC vakillari va Denis bilan suhbatlashish, balki boshqa startap asoschilari bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘ldi.